UFC prezidenti Dana Uayt og’ir vazn toifasi chempioni Jon Jons haqida gapirdi.
Uaytning aytishicha, agar Jons kamarni himoya qilish bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarmasa va 2025-yilning iyuligacha vaqtinchalik chempion Tom Aspinall bilan jang qilmasa, unvonidan mahrum qilinishi mumkin.
– Agar Jons iyul oyigacha birlashgan chempionlik janggini o’tkazmasa, kamardan mahrum bo’ladimi?
– Ha, biz shunday qilamiz. Agar bu jangni tashkil qila olmasak, davom etamiz va boshqa jang tayyorlaymiz.
Bu hozirda biz tashkil qilishimiz mumkin bo’lgan eng katta qarama-qarshilikdir. Jon Jons hech kimdan qo’rqmaydi, u istalgan raqib bilan jang qilishga tayyor, biroq agar biror narsa bo’lsa, biz ham davom etishga tayyormiz, – deydi Uayt.
Eslatib o’tamiz, Jon Jons o’zining so’nggi janggini UFC 309 turnirida Stipe Miochichga qarshi o’tkazgan va 3-raundda raqibini nokautga uchratgan.