«An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu mintaqadagi vaziyat keskinlashgani sababli oilasi bilan birga xususiy samolyotda Saudiya Arabistonini tark etdi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, portugaliyalik futbolchining samolyoti «Flightradar» xizmati tomonidan qayd etilgan va Madridga qo‘ngan.
Ronaldu Ar-Riyod shahrida rafiqasi Jorjina Rodriges va besh nafar farzandi bilan istiqomat qiladi. Oʻtgan haftaning oxirida shahar dronlar hujumiga uchradi, bu esa Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi bilan bogʻliqdir.
Qayd etilishicha, hujumlar davom etayotgani Ronalduning mamlakatni tark etish qaroriga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.
Maʼlumot uchun, 41 yoshli hujumchi joriy mavsum «An Nasr» safida 26 ta oʻyinda maydonga tushib, 22 ta golga mualliflik qildi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 12 million yevroga baholanmoqda.
