O’zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev “armiyachilar”ning Rossiya Kubogi Superfinalidagi g’alabasi haqida fikr bildirdi.
“Bu mening Rossiyadagi birinchi sovrinim bo’lgani uchun ham ahamiyati juda katta. G’alaba yo’lida ko’p narsani yengib o’tdik, juda og’ir o’yinlar bo’ldi, ayniqsa, “Zenit”ga qarshi bahs. Ushbu bellashuvda biz penaltilar seriyasida zafar quchdik. Biz bu kubokka munosibmiz, deb o’ylayman.
Bu mavsumni shaxsan o’zim o’tgan yilgiga qaraganda yomonroq baholayman. Avvalgi mavsum samaradorlik bo’yicha 5+14 ko’rsatkich qayd etgandim. Bu gal esa bu ko’rsatkich 3+8 ko’rinishida bo’ldi.
Mavsumning ikkinchi qismida maydondagi pozitsiyam o’zgardi va buning natijasida o’yinimda pasayish kuzatildi. O’zgarish o’z ta’sirini ko’rsatdi. Mavsum juda yaxshi boshlangandi, keyin o’rnim o’zgardi.
Natijada statistik ko’rsatkichlar avvalgidek bo’lmadi, lekin men yangi pozitsiyaga ko’nikib olishga harakat qildim”, – deydi Fayzullayev.
Eslatib o’tamiz, SSKA Rossiya Kubogi Superfinalida “Rostov”ga qarshi bahs yuritdi. Asosiy vaqt durang bilan yakunlangach, g’olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda omad “armiyachilar”ga kulib boqdi (4:3).