“Manchester Yunayted” hujumning ikkala qanotida ham o’ynay oladigan “Flamengo”ning 19 yoshli braziliyalik yarim himoyachisi Lorranni o’z safiga qo’shib olmoqchi. Bu haqda HITS Football xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, inglizlar o’zining vingeri Antonini yanvar oyida Lorranga ayirboshlamoqchi.
Qayd etilishicha, futbolchiga mankunianliklardan tashqari “Vest Hem” va “Brayton” ham davogarlik qilmoqda. Biroq Antonining kelishuvga qo’shilishi 19 yoshli iste’dod uchun muzokaralarda “Manchester Yunayted” uchun katta ustunlik beradi.
Ma’lumot uchun, Antoni joriy mavsum barcha turnirlarda 4 ta o’yinda maydonga tushib, bitta golga mualliflik qildi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 20 million yevroga baholanmoqda.
Lorran esa 2024-yilda “Flamengo” safida 38 ta o’yin o’tkazib, 4 ta gol 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 12 million yevroni tashkil qiladi.