Saudiyaning «An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Angliya Premyer-ligasi jamoalaridan birining ulushini sotib olish imkoniyatini oʻrganmoqda. Bu haqda The Touchline nashri xabar berdi.
Avvalroq portugaliyalik yulduz Ispaniyaning «Almeriya» klubi aksiyalarini xarid qilgandi. Endilikda uning moliyaviy maslahatchilari APL doirasidagi turli investitsiya variantlarini koʻrib chiqmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Ronaldu bungacha Angliyada ikki bor «Manchester Yunayted» safida toʻp surgan. Hozirda esa u Saudiyaning «An Nasr» klubi sharafini himoya qilmoqda.
Maʼlumot uchun, 41 yoshli hujumchi joriy mavsum barcha turnirlarda 25 ta oʻyinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 12 million yevroga baholanmoqda.
