Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe JCh-2026’da ishtirok etish uchun tizzasini operatsiya qildirmoqchi emas. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, fransiyalik forvard 2025-yilning dekabr oyidan buyon tizza bogʻlamlari bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekmoqda. Shu sababli, Mbappe Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Benfika»ga qarshi javob uchrashuvini (2:1) oʻtkazib yubordi.
Shunga qaramay, hujumchi jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘lmayapti, chunki bu uning Jahon chempionatidagi ishtirokini soʻroq ostida qoldirishi mumkin. Futbolchi ayni damda konservativ davolanish variantini maʼqul koʻrmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Mbappe 2024 yilning yozidan beri «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. U joriy mavsum barcha turnirlarda 33 ta oʻyinda maydonga tushib, 38 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
