Ispaniya La Ligasining 25-turidan oʻrin olgan bahsda Madridning «Real» klubi safarda «Osasuna» mehmoni boʻldi va soʻngi daqiqalarda urilgan gol evaziga imkoniyatni boy berdi (2:1).
Ushbu magʻlubiyatdan soʻng «qirollik klubi» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa qiyin ahvolda qoldi. Sport.es nashrining xabariga koʻra, Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Benfika»ga qarshi javob oʻyini ispaniyalik mutaxassisning jamoadagi kelajagini belgilab berishi kutilmoqda.
Manbaga koʻra, klub rahbariyatiga murabbiyning o‘yinchilar ruhiyatini koʻtarishga qaratilgan qarorlari va uchrashuv davomidagi tushunarsiz almashtirishlari maʼqul kelmayapti.
Qayd etilishicha, mutasaddilar voqealarning bunday rivojidan qochishga harakat qilmoqda. Chunki hozirda bosh murabbiylik uchun munosib nomzod yoʻq va fevral oyi bir mavsumning oʻzida uchinchi murabbiyni tayinlash uchun juda erta muddat ekanligi hisobga olingan.
Maʼlumot uchun, «Real» ayni dam La Liga turnir jadvalida 60 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Bir oʻyin kam oʻtkazgan «Barselona» esa 58 ochko bilan ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.
