Bugun, 22-fevral kuni AQShning Las-Vegas shahrida navbatdagi professional boks oqshomi boʻlib oʻtdi. Turnirning asosiy janglaridan birida oʻzbekistonlik charm qoʻlqop ustasi, supero‘rta vazn toifasida WBA Intercontinental kamari sohibi Bektemir Meliqoʻziyev ganalik Sena Agbekoba qarshi ringga koʻtarildi.
10 raundga moʻljallangan jang 7-raundda oʻz nihoyasiga yetdi. Meliqoʻziyevning ketma-ket aniq zarbalaridan soʻng hakam vaziyatga aralashdi va texnik nokaut qayd etdi. Shu tariqa, Bektemir chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ushbu gʻalaba Meliqoʻziyev uchun professional faoliyatidagi muhim qadamlardan biri boʻldi. 29 yoshli bokschi hozirga qadar 17 ta jang oʻtkazib, ularning 16 tasida gʻalaba qozongan, 14 tasi esa muddatidan avval yakunlangan.
Uning raqibi Sena Agbeko esa shu kungacha 31 ta jang oʻtkazib, 27 ta gʻalaba va 4 magʻlubiyat qayd etgan.
