O’rta vazn toifasida o’zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro’ziboyevning navbatdagi jangi tafsilotlari ma’lum bo’ldi. Unga ko’ra, hamyurtimiz 16-avgust kuni AQSh’ning Chikago shahrida tashkil etiladigan UFC 319 turniri doirasida oktagonga ko’tariladi.
Ro’ziboyevga shu kuni polshalik Mixail Olekseychuk raqiblik qiladi. Har ikki jangchi ham ijtimoiy tarmoqdagi o’z sahifalari orqali Chikagoda jang qilishini tasdiqlashgan.
UFC 319 turnirining markaziy janggi o’rta vazn chempioni Drikus dyu Plessi va Hamzat Chimayev o’rtasida kechadi. Ro’ziboyev – Olekseychuk bellashuvi ham aynan shu vazn toifasida tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, Ro’ziboyev professional MMA’da 47 ta jang o’tkazib, 36 ta g’alaba, 9 ta mag’lubiyat va 2 ta durang qayd etgan. Olekseychuk hisobida esa 20 ta g’alaba va 9 ta mag’lubiyat bor.