Yevropa Ligasi chorak finalining javob o’yinida “Manchester Yunayted” “Lion”ni mag’lub etib, yarim final yo’llanmasini qo’lga kiritdi.
“Qizil iblislar” hujumchisi Joshua Zirkze ushbu g’alabadan so’ng ijtimoiy tarmoqlarda jamoaning ayrim muxlislarini tanqid qildi.
Dastlabki bahs 2:2 hisobi bilan yakunlangan edi. Javob o’yinining asosiy vaqtida ham tomonlar 2:2 hisobini qayd etishdi. Qo’shimcha bo’limlarda esa MYU kambek amalga oshirib, so’nggi daqiqalarda g’alabani ilib ketdi.
Ammo ba’zi muxlislar o’yin yakunlanmasda avval, taqdirga tan berib, “Old Trafford”ni tark eta boshladi.
O’yin yakunlangach, Zirkze ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga maydonda qolgan muxlislarning qo’shiq kuylayotgani aks etgan videoni joylab, ostiga quyidagicha izoh qoldirdi:
“Tushkunlikka tushganimizda bizni tark etgan barcha muxlislar, buni tinglang!”.
Ma’lumot uchun, Ruben Amorim shogirdlari Yevropa Ligasi yarim finalida “Atletik Bilbao”ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 1-maydan 2-mayga o’tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.