Ispaniya La Ligasining 30-turidan o’rin olgan bahsda Madridning “Real” klubi o’z maydonida “Valensiya”ni qabul qildi va kutilmaganda 1:2 hisobida mag’lubiyatga uchradi.
Uchrashuvning 13-daqiqasida “Valensiya” darvozasi tomon penalti belgilandi. Biroq Vinisius Junior ushbu imkoniyatdan foydalana olmadi.
15-daqiqada esa mehmonlar himoyachisi Muktar Diaxabi jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi (0:1). 50-daqiqada esa Vinisius muvozanatni tikladi (1:1).
Ikkinchi bo’limga qo’shib berilgan daqiqalarda, ya’ni 90+5-daqiqada Ugo Duro “Valensiya”ga g’alaba taqdim etgan golning muallifiga aylandi (1:2).
Shu tariqa, “ko’rshapalaklar” ushbu g’alabadan so’ng ochkolari hisobini 34 taga yetkazib olib, 15-o’ringa ko’tarilib oldi. “Real” esa 63 ochko bilan ikkinchi o’rinni band etib turibdi.