JCh-2026 saralash bosqichi doirasida Eronga qarshi saf tortgan vakillarimiz 2:2 hisobidagi jangovor durangga imzo chekdi.
Uchrashuvdan so’ng tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o’tdi.
Murabbiy yo‘qotishlar jamoa o‘yiniga ta’sir qilgani hamda hozirgi va oldingi Eron terma jamoalari o‘rtasidagi farq katta ekanligini aytdi.
“Eron terma jamoasini Jahon chempionatiga yo‘l olganliklari bilan tabriklayman.
Agarda o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, uchrashuv har ikki jamoa uchun ham yomon bo‘lmadi. Bizda ham, raqiblarda ham yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Albatta, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi, lekin Tehrondagi durang ham yomon natija emas.
Endi bo‘lajak bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Yigitlarimga rahmat aytmoqchiman. Sababi, ularning barchasi o‘tgan uchrashuvlarda yaxshi harakat qilishdi. Albatta, bizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislarimizga va xalqimizga ham rahmat aytaman.
Oldingi va hozirgi Eronni solishtirmagan bo‘lar edim. Sababi tarkibda o‘zgarishlar ko‘p.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda prezidentimiz futbolni rivojlantirish uchun katta hissa qo‘shmoqdalar. Yoshlar futbolini ham yuksaklarga olib chiqish uchun bir necha ishlar olib borilmoqda. Shuning uchun bu ishlar ham o‘z mevasini bermoqda.
O‘yindan avval Eron terma jamoasini batafsil o‘rganib chiqib, ularning nozik tomonlarini tahlil qilib, futbolchilarga yetarlicha ko‘rsatmalar berdik. Shu sababli, bugungi bellashuvda ba’zi joylarda g‘alaba uchun juda yaqin ham keldik.
Aliqulov, Masharipov va O‘runovning yo‘qligi biroz sezildi. Albatta, ular bilan jamoamiz yanada kuchliroq bo‘lar edi, lekin ularning o‘rniga maydonga tushgan futbolchilar ham yaxshi harakat qilishdi”, – deydi Kapadze.
Ma‘lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralash doirasidagi navbatdagi uchrashuvlari iyun oyida o‘tkaziladi. Temur Kapadze jamoasi 5-iyun kuni BAA maydoniga safar uyushtirsa, 10-iyun kuni Toshkentda Qatar terma jamoasini qabul qiladi.