“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola APL’ning 26-turidan o’rin olgan “Liverpul”ga qarshi (0:2) bahsdan so’ng Abduqodir Husanov va jarohat olgan Erling Holand haqida fikr bildirdi.
“Holand qachon safga qaytishini bilmayman. Usiz jamoa natijaga erisha olmayapti demayman, chunki bu boshqa futbolchilarga nisbatan adolatsizlik bo’lardi. Biz ko’proq gol urishimiz mumkin edi, lekin umuman olganda hammasi yaxshi.
Husanov qanday o’ynadi? Madridda juda yaxshi harakat qildi, o’ng qanot himoyachisi sifatida o’ynadi va Vinisiusni nazoratda ushlab turdi. Bugun ham u xuddi shunday tez va intizomli harakat qildi. Albatta, u yanada yaxshilanishi kerak. U ajoyib qobiliyatga ega”, – deydi Gvardiola.
Eslatib o’tamiz, Abduqodir Husanov “Liverpul”ga qarshi o’yinni asosiy tarkibda boshlab, to’liq maydonda harakat qildi. SofaScore nashri hamyurtimizni 7,2 ballga loyiq ko’rdi.