Angliya Premyer-ligasida Ramazon oyi davomida toʻp suradigan musulmon futbolchilar uchun oʻyin vaqtida maxsus tanaffus joriy etiladi.
Unga koʻra, agar bellashuv davom etayotgan paytda iftorlik vaqti kirsa, hakam bahsni qisqa muddatga toʻxtatadi. Futbolchilar maydon chetida suv ichib yoki yengil tamaddi bilan quvvatlarini tiklab olishlari uchun sharoit yaratib beriladi.
Qayd etilishicha, liga rahbariyati va hakamlar korporatsiyasi (PGMOL) bu orqali sportchilarning eʼtiqodiga hurmat koʻrsatish va ularning sogʻligʻi haqida oʻylamoqda. 90 daqiqada davomida yuqori tezlikda harakat qiladigan futbolchi uchun vaqtida ozuqa yeyish jarohatlarning oldini olishga yordam beradi.
Maʼlumot uchun, ushbu tartib Angliyada soʻnggi yillarda muntazam amalda boʻlib kelmoqda.
