Braziliyaning “Santos” klubi 32 yoshli hujumchi Neymar bilan yanvar oyi oxirigacha shartnoma imzolaganini e’lon qilmoqchi. Bu haqda Ge.Globo xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, “Santos” transfer rasman e’lon qilinishidan oldin Neymarning nomi yozilgan futbolkalarni yetarli miqdorda sotuvga chiqarishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, braziliyaliklar rahbariyati yulduz futbolchining jamoaga kelishi uchun yangi homiylarni jalb qilish ustida ish olib bormoqda.
Qayd etilishicha, tomonlar o’rtasida tuzilajak shartnoma 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi. Biroq Neymar “Santos” futbolchisiga aylanishi uchun “Al-Hilol” bilan bitimni bekor qilishi kerak.
Ma’lumot uchun, Neymar “Santos” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida jami 225 ta o’yinda maydonga tushib, 136 ta gol urgan va 64 ta golli uzatmani amalga oshirgan.