O’zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Shimoliy Koreyaga qarshi o’yin oldidan o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
“Bizda hammasi joyida. Futbolchilar tayyor. Ertangi o‘yin uchun maqsadimiz – faqat g‘alaba.
O‘rtoqlik o‘yinlari? Ha, tig‘iz taqvim sabab bunga ulgurmayapmiz. KXDR bilan farqimiz ham shunda. Lekin bu biz uchun yangilik emas. 3 yildan beri birgamiz. Futbolchilar bir-birlarini tushunishadi va nima qilish kerakligini bilishadi. Yigitlar turli holatda yetib kelishgan va jamoani balanslashtirish – mening vazifam.
Sizlardan bir narsani so‘ramoqchiman: ortiqcha motivatsiya va xohish kerak emas. O‘zbekiston bungacha doim bosim sabab JCh’ga chiqa olmagan. Hozirgacha hammasi yaxshi bo‘ldi va bundan keyin ham “yonib ketmasligimiz” kerak. Raqiblar barchasi jiddiy. Bejiz bu bosqichga yetib kelishmagan.
JCh’gacha tarkib o‘zgarib boradimi? Erta yo indinga nima bo‘lishi haqida ham bilmayman. Hozirdan bu haqda o‘ylash noto‘g‘ri. Mundial hali bizdan ancha yiroqda. Bor e’tiborni ertangi o‘yinga qaratishimiz kerak.
Raqibni o‘rganish oson bo‘lmadi. Chunki biz ko‘rgan o‘yinlarda turlicha tarkiblar bilan o‘ynashgan. Asosiy e’tiborni o‘z o‘yinimizga qaratamiz”, – deydi Katanes.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi JCH-2026 saralashidan o‘rin olgan uchrashuv 5-sentyabr kuni 19:00 da start oladi.