“Napoli” klubi hujumchisi Viktor Osimhen faoliyatini Turkiya Superligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, “Galatasaray” neapolliklar bilan nigeriyalik futbolchini ijaraga olish borasida kelishib olgan. Yaqin soatlar ichida turk klubi vakillari Osimhen bilan uchrashib, transferga yakuniy nuqta qo’yishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, “Galatasaray” Osimhenga mavsum so’nggiga qadar 9-10 million yevro maosh to’laydi.
Eslatib o’tamiz, futbolchi avvalroq “Chelsi”dan kelgan taklifni rad etgandi. Shundan so’ng, “Napoli” uni A Seriyaning yangi mavsumi uchun o’z tarkibidan chiqarib tashlagandi.