Kuni kecha Farg‘onada O‘zbekiston Superligasining qoldirilgan 14-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Favorit nomi aniq bo‘lmagan va imkoniyatlar teng baholanayotgan o‘yin jizzaxliklarning kutilmagan 0:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Uchrashuv davomida har ikki jamoada ham bir necha bor golli vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, bu borada omad “So‘g‘diyona”ga kulib boqdi va “Neftchi” darvozasi 3 bor ishg‘ol etildi.
Ta’kidlash joiz, shu kuni stadionga tashrif buyurgan muxlislar tomonidan “Neftchi” mag‘lubiyatidan norozi bo‘lgan holda bosh murabbiy iste’fosini talab qilgan xayqiriqlar yangradi.
Uchrashuv yakunida tashkil etilgan matbuot anjumanida Vitaliy Levchenkoning o‘rniga jamoa yordamchi murabbiyi Sergey Arslonov ishtirok etdi. Klub matbuot xizmati bu vaziyatni bosh murabbiy bir oz betob bo‘lib qolgani bilan izohladi.
Mazkur mag‘lubiyatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko iste’foga chiqarilishi va uning o‘rnini vaqtincha Sergey Arslonov egallashi haqidagi mish-mishlar aylanib qoldi.