Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn “Tottenxem”ga qarshi o’rtoqlik turniridan so’ng kubokni ko’tarishdan bosh tortdi. Ushbu musobaqaning finali “shpor”larning uy stadionida bo’lib o’tdi.
“Men uchun har doim o’zgacha bo’lgan joyga qaytish juda yoqimli. Iliq kutib olganingiz uchun barchangizga rahmat”, – deydi Keyn o’zining X sahifasida.
Angliyalik forvard o’tgan yozda “Bavariya”ga ko’chib o’tganidan keyin birinchi bor sobiq jamoasi stadioniga tashrif buyurdi.
“Bavariya” va “Tottenxem” mavsumoldi o’rtoqlik turnirida to’qnash keldi va myunxenliklar 3:2 hisobida g’alaba qozonib, Visit Malta kubogini qo’lga kiritdi.
Harri Keyn uchrashuvning 80-daqiqasida maydonga tushdi. Sobiq jamoasi uni olqishlar bilan kutib oldi. Keyinchalik esa muxlislarga va “shpor”larga xurmat bajo keltirgan holda, kubokni ko’tarishdan bosh tortdi.
Ma’lumot uchun, Keyn 2011-yildan 2023-yilgacha “Tottenxem” safida harakat qilgan. U klub tarkibida barcha turnirlarda 435 ta o’yinda maydonga tushib, 280 ta gol va 61 ta golli uzatmani amalga oshirgan.