“Manchester Siti” darvozaboni Ederson Saudiya chempionatiga o’tishdan ko’ra, jamoada qolishni afzal ko’rayotganini ma’lum qildi.
“Hammasi tugadi. Futbolchilar, murabbiy, direktor – hamma bilan gaplashdim va yana bir necha yil klubda qolishga qaror qildim.
OAV juda ko’p narsalarni yozadi, ba’zida ozgina bo’rttirib yuboradi. Lekin men kelajagim borasida qaror qabul qildim, ayniqsa, Gvardiola bilan suhbatdan keyin. Joriy mavsumda bor e’tiborimni jamoadoshlarim bilan yangi sovrinlarni qo’lga kiritishga qaratganman”, – deydi Ederson.
Eslatib o’tamiz, avvalroq OAVda braziliyalik kiperga “Al-Nasr” va “Al-Ittihod” klublari qiziqish bildirayotgani ma’lum qilingandi.
Ma’lumot uchun, Ederson “shaharliklar” safida 2017-yildan buyon to’p surib kelmoqda. Bu davr ichida u 332 ta o’yinda maydonga tushib, 155 tasida o’z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.