“Liverpul” 21 yoshli hujumkor yarim himoyachi Fabio Karvalo uchun “Sautgempton”ning 15 million funtlik taklifini rad etdi. Bu haqda Devid Ornshteyn xabar berdi.
Manbaga ko’ra, mersisaydliklar portugaliyalik futbolchini sotishga tayyor, ammo ancha qimmatroq narxga. Shuningdek, “Liverpul” endi Karvaloni ijaraga bermoqchi emas.
Ma’lumot uchun, vinger o’tgan mavsumni “Xall Siti”da ijara asosida o’tkazdi. U klub safida barcha musobaqalarda 20 ta uchrashuv o’tkazib, 9 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Futbolchining “Liverpul” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar amal qiladi. Hozirda Karvaloning “Transfermarkt”dagi narxi 14 million yevroni tashkil qiladi.