Klublar o’rtasidagi Jahon chempionatining “G” guruhi 2-turida doirasida “Manchester Siti” “Al-Ayn”ga qarshi bahs olib bordi va yakunda yirik 6:0 hisobida g’alaba qozondi.
Uchrashuvni hamyurtimiz Abduqodir Husanov asosiy tarkibda boshlab, 61-daqiqada zaxiraga olindi. Himoyachimiz 58-daqiqada sariq kartochka bilan jazolandi.
Statistik ma’lumotlarga ko’ra, Husanov 61 daqiqa ichida 80 marta to’pga tegingan. U 68 ta uzatma amalga oshirgan va ularning 63 tasi manziliga aniq yetib borgan (93 foiz).
Husanov o’yin davomida 8 marta to’p uchun kurashda olib borib, 4 tasida muvaffaqiyatga erishgan. Shuningdek, u bitta kalit pas va 5 ta “longball” ham amalga oshirgan (4 tasi aniq).
Statistikalarga ixtisoslashgan SofaScore nashri Husanovning o’yinini 7,1 ballga loyiq ko’rdi. Bu ko’rsatkich “Manchester Siti” tarkibidagi futbolchilar orasida o’rtacha natijalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, ushbu g’alabadan so’ng “Manchester Siti” muddatidan avval pley-off yo’llanmasini qo’lga kiritdi. Gvardiola shogirdlari turnirning 3-turida “Yuventus” bilan to’qnash keladi. Uchrashuv 27-iyun kuni bo’lib o’tadi.