Niderlandiya terma jamoasi va “Milan” klubi markaziy yarim himoyachisi Tijani Reynders faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirishga yaqin turibdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, tomonlar futbolchining transferi bo’yicha 70 million yevroga kelishib olgan. Faqatgina bitimni yakunlash va uni rasmiylashtirish qoldi, holos.
Qayd etilishicha, Reyndersning o’zi bilan ham shaxsiy shartnoma shartlari borasida bir necha kun oldin kelishuvga erishilgan.
Ma’lumot uchun, Tijani Reynders o’tgan mavsum “Milan” safida 54 ta o’yinda maydonga tushib, 15 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 50 million yevroga baholanmoqda.