O’zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 25-mart kuni JCh-2026 saralash bosqichi doirasida Eronga qarshi bahs olib boradi.
Uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etib, o’yin borasida o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
– Ertaga bizni qiziqarli o’yin kutib turibdi. Eron qanday kuchga ega ekanligini yaxshi bilamiz, o’zimizning kuchli tomonlarimizni ham bilamiz. O’ylaymanki, yaxshi tayyorgarlik ko’rdik. Insha Alloh, ertangi bahsga hammamiz tayyormiz.
– Bilamizki, ayni paytda uch nafar o’zbekistonlik futbolchi Eron chempionatida to’p tepadi. Bu sizga Eron terma jamoasi haqida o’ziga xos ma’lumotlar olishda qanchalik yordam beradi?
– Eron terma jamoasi va Eron chempionati haqida yaxshi bilamiz. Oxirgi yillarda bir necha bor to’qnash keldik. O’zimiz ham ma’lumotlar to’pladik, futbolchilardan ham ma’lumotlar oldik.
– Siz O’zbekiston milliy terma jamoasida ko’p yillar o’ynagansiz. Qaysi avlod kuchli deb o’ylaysiz? Hozirgi jamoa JCh’ga chiqish uchun yetarlicha salohiyatga egami?
– Menimcha, solishtirish noto’g’ri. O’sha paytda o’sha avlod kuchli edi, hozirgi eng kuchli avlod terma jamoada o’ynamoqda. Nasib qilsa maqsadimiz sari yaqinmiz!
– Masharipov diskvalifikatsiya tufayli o’ynay olmaydi. Uning o’rni qanchalik bilinadi? O’runov esa Qirg’iz Respublikasiga qarshi o’ynamadi, u Eron bilan bahsda maydonga tushadimi?
– Ular terma jamoamizning muhim futbolchilari hisoblanadi. Bu futbol. Diskvalifikatsiyalar uchrab turadi. Ostonda jarohat bor, tiklanmoqda. O’yinga tayyor bo’lsa, tushadi. Qolgan futbolchilar sog’-salomat.
Eslatib o’tamiz, Eron – O’zbekiston o’yini ertaga, 25-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da “Ozodiy” stadionida start oladi.