“Roma” klubi sardori Lorenso Pellegrini Italiya chempionati 28-turi doirasidagi “Empoli”ga qarshi bahsdan keyin o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov haqida gapirdi.
“Shomurodov gol urganida yanada yaxshi bo‘lardi. U o‘sha paytda biroz umidsizlikka tushib qolgan edi, shuning uchun Eldorga yana gol urishimiz mumkinligini aytib, tinchlantirishga harakat qildim.
U juda g‘azablandi. Menga kuchli zarba berib, darvoza to‘rini yirtib yubormoqchi ekanligini aytdi. Lekin ba’zan to‘p bilan ohista harakat qilib, aniqroq o‘ynash maqsadga muvofiq bo‘ladi”, – deydi Pellegrini.
Eslatib o’tamiz, ushbu uchrashuvda rimliklar safardan 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytdi. Yagona gol 1-daqiqada Matias Soule tomonidan kiritildi.
O‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Shomurodov 72 daqiqa maydonda harakatlandi va Sofascore tomonidan 6.5 ball bilan baholandi.