Italiya A Seriyasining 26-turidan o’rin olgan bahsda “Roma” o’z maydonida “Monsa”ni qabul qildi va yirik 4:0 hisobida g’alaba qozondi.
Hamyurtimiz Eldor Shomurodov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, 70 daqiqa maydonda harakat qildi va bitta gol va bitta golli uzatmani o’z nomiga yozdirib qo’ydi.
O’yindan so’ng rimliklar bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri ushbu bahs haqida fikr bildirar ekan Eldor Shomurodov harakatlariga ham alohida to’xtalib o’tdi.
“Eldor Shomurodov borgan sari asosiy hujumchiga aylanib bormoqda. Shuni aytmoqchimanki, muhim uchrashuvlarga tayyorgarlik ko’rish va uni o’z foydamizga hal qilish uchun birorta salbiy o’y-hayol bo’lmasligi kerak. Men Eldor kabi yigitlarga o’ynash imkonini beryapman.
Siz bu yigitlarni, xususan Shomurodovning mashg’ulotlarda qanday ter to’kayotganini ko’rsangiz edi…
Ular maydonga chiqishga oshiqmoqda. Bu men uchun juda muhim. Bunday vaziyatda tarkib tanlash qiyin, lekin bu futbolchilar o’zini 100 foiz ishga bag’ishlayapti. Har bir o’yin futbolchining jamoa uchun o’ynash ishtiyoqiga bog’liq bo’ladi”, – deydi Ranyeri.