“Manchester Siti” “Bayer”ning ikki yetakchi futbolchisi: germaniyalik yarim himoyachi Florian Virts va gollandiyalik himoyachi Jeremi Frimpongga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda El Nacional xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, Virts Saudiyaga ko’chib o’tishi mumkin bo’lgan Kevin De Bruynega o’rinbosar sifatida ko’rilmoqda. “Shaharliklar” Florian uchun Yevropaning yetakchi klublari bilan raqobat qilishiga to’g’ri keladi, biroq futbolchining Gvardiola bilan ishlash istagi muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Frimpong esa “Milan”ga ijara asosida o’tgan Kayl Uokerning o’rniga xarid qilinishi kutilmoqda. Har ikkala futbolchining transferi uchun “shaharliklar” rahbariyati 200 million yevro sarflashga tayyor.
Ma’lumot uchun, Florian Virts joriy mavsum klub miqyosida 32 ta o’yin o’tkazib, 15 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 140 million yevroga baholanmoqda.
Jeremi Frimpong esa klublar miqyosida 31 ta o’yin o’tkazib, 3 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt’dagi narxi 50 million yevroga baholanmoqda.