Eron milliy terma jamoasi AQShning Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan yuritayotgan tajovuzkor siyosati sababli 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishdan voz kechishi mumkin. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, mintaqadagi vaziyat 28-fevral kuni Isroil tomonidan Eronga berilgan «preventiv zarba»dan soʻng keskin tus oldi. Oradan koʻp oʻtmay, AQSh Prezidenti Donald Tramp keng koʻlamli harbiy operatsiya boshlanganini eʼlon qildi. Rasmiy Tehron ushbu harakatlarga javoban Isroil hududi va mintaqadagi Amerika harbiy bazalariga raketa zarbalari yoʻlladi.
Eslatib oʻtamiz, Eron milliy terma jamoasi JCh-2026 saralashidan muvaffaqiyatli oʻtib, «G» guruhidan joy olgandi. Mazkur guruhda forslar Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya vakillari bilan kuch sinashishi lozim. Rejaga koʻra, Eron ishtirokida guruh bosqichining barcha uchrashuvlari AQSh hududida oʻtkazilishi belgilangan.
Maʼlumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati joriy yozda AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Musobaqaning amaldagi gʻolibi Argentina milliy jamoasi hisoblanadi.
