Niderlandiyada shaxmat bo’yicha an’anaviy Tata Steel Chess 2025 turniri davom etmoqda. Musobaqada O’zbekistonning ikki grossmeysteri g’oliblik uchun kurash olib bormoqda.
29-yanvar kuni o’tkazilgan 10-turda Masters guruhi peshqadamlari safida borayotgan Nodirbek Abdusattorov oq donalarda o’ynab, serbiyalik Aleksey Saranani mag’lub etdi.
Sarana Nodirbekkacha hech kimga mag’lub bo’lmay kelayotgandi. Ushbu g’alabadan so’ng hamyurtimiz o’z ochkolari hisobini 7 taga yetkazib, turnir jadvalida 2-o’ringa joylashib oldi.
Javdvalda hindistonlik grossmeyster va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju 7,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. U 10-turda niderlandiyalik Maks Varmerdamdan ustun keldi.
Shuningdek, yana bir hind shaxmatchisi Pragnanandha Rameshbabu ham ushbu turda muhim g’alabani qo’lga kiritdi. U sloveniyalik Vladimir Fedoseyevdan ustun kelib, 6,5 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
Ma’lumot uchun, Masters guruhida mag’lubiyatga uchramagan uch nafar shaxmatchi qoldi. Bular: Gukesh Dommaraju, Nodirbek Abdusattorov va Vey Li. Xitoylik grossmeyster 1 g’alaba va 9 ta durang qayd etdi. Gukesh hisobida esa 5 ta g’alaba va 5 ta mag’lubiyat bor. Abdusattorov esa 4 ta g’alaba va 6 ta durangga ega.

Bundan tashqari, Challengers guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yakubboyev 10-turda oq donalarda niderlandiyalik Benjamin Bok bilan murosa ko’chasini tanladi. Yakubboyev 3 g’alaba, 4 durang va 3 mag’lubiyat bilan 5 ochko jamg’ardi va 9-o’rinni egallab turibdi.

Ta’kidlash joiz, musobaqa nizomiga ko’ra, shaxmatchilar 13 ta turda dona suradi.