“Paxtakor”ning sobiq futbolchisi va sobiq sport direktori Jafar Irismetov Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” safidagi debyutiga munosabat bildirdi.
“Debyut muvaffaqiyatsiz bo’ldi, xato darhol Husanovga ta’sir qildi. Lekin Gvardiola shuning uchun ham Gvardiola. Abduqodirni tanaffusda almashtirmadi va unga biroz o’ynashga vaqt berdi.
Goldagi xatosidan so’ng Husanov biroz sarosimaga tushdi, ammo keyin o’ziga keldi. Bunday bosim ostida o’ynash oson emas, axir, “Manchester Siti” “Lans” emas.
Gvardiola nima qilayotganini juda yaxshi biladi. Balki uni erta o’yinga qo’ygandir, lekin boshqa iloji ham yo’q edi. Bunday pulga o’yinchi sotib olsangiz, nimaga qarab harakat qilayotganingizni bilasiz.
Bu Husanovni sindiradi deb o’ylamayman, u yosh va kuchli yigit, oldinda u o’zini ko’rsata oladigan o’yinlar ko’p. Biz unga ishonamiz, butun O’zbekiston ishonadi. Biz uni qo’llab-quvvatlaymiz”, – deydi Irismetov.
Eslatib o’tamiz, Abduqodir Husanov “Chelsi”ga qarshi o’yinda “shaharliklar”ning asosiy tarkibidan joy oldi va jami 54 daqiqa maydonda harakat qildi.