Kanadada Britaniyaning Ultra MMA tashkiloti tomonidan o’tkazilgan havaskorlar turniri fojiali tarzda yakunlandi. Bu haqda MMA Fighting xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, tashkilotchilar turnirga o’ziga xos tus berish maqsadida tomoshabinlarga ham o’zlarini sinab ko’rish uchun janglarda qatnashishga ruxsat berdi.
Shundan so’ng sport murabbiyi Trokon Dusua janglarning birida ishtirok etdi va uch raund yakunlariga ko’ra, ochkolar hisobiga g’alaba qozondi. Biroq keyinchalik u o’zini yomon his qila boshlagan va shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, Dusua jangni tugatganidan so’ng oyoqqa tura olmagan. Yakunda tashkilotchilarga o’zini yomon his qilayotganini aytgan. 40 daqiqa kutishdan so’ng uni shifoxonaga olib borishgan.
Turnir yakunlanganidan biroz vaqt o’tgach, murabbiy kasalxonada vafot etgani ma’lum bo’lgan. O’lim sabablari esa hozircha aniqlanmagan.