Bugun terma jamoamiz Qatarga qarshi muhim bahsda maydonga tushadi. Qatar uchun milliy jamoamiz eng noqulay raqib ekanligini bir necha statistikalar isbotlaydi, lekin aynan bugungi bahsda unday emas.
Nega deysizmi? Sababi oddiy. Qatar biz va to’rt kundan so’ng BAA’ga qarshi uchrashuvlarga jiddiy tayyorlangani aniq. Chunki Qatarning ushbu ikki bahsdagi yaxshi natijasi mundial yo’llanmasini to’g’ridan-to’g’ri qo’lga kiritish imkoniyatini qaytarib olish uchun so’nggi o’yinlari bo’lishi mumkin.
Bilasiz, Qatar 4 ochko bilan guruhda 4-o’rinni egallab turibdi. Va ushbu FIFA kunlarida jamoa ikki asosiy raqibiga qarshi maydonga tushadi. Asosiy raqibi, ya’ni bizni o’z maydonida qabul qilishi esa ularga qo’shimcha ustunlik beradi.
Bundan tashqari, Qatar ushbu saralash bahslaridagi eng ko’p raqib darvozasi oldida vaziyat yaratgan terma jamoa bo’lib turibdi. To’g’ri, ulardan foydalanish koeffitsienti past, biroq bizning terma jamoamiz himoyasi bilan maqtana olmaydi. Shu e’tibordan, ular o’z vaziyatlaridan foydalanishlari va bizga muammo tug’dirishlari ehtimoli yuqori.
Terma jamoamiz esa vazifani deyarli uddalagandek taassurot qoldirmoqda. Raqiblardan 6 ochko ilgarilab ketganimiz, o’yinimiz juda chiroyli bo’lmasada, natija e’tibori bilan mazmunlidek ko’rinayotgani hamda bu bahsga revansh o’laroq qarayotganimiz bizning zararimizga ishlashi mumkin. Sababi revansh kayfiyatidagi jamoa ko’proq oldinga chiqishi va orqada bo’sh zonalar qoldirishi mumkin. Bundan esa Qatar foydalanib ketishi aniq. Ayniqsa Akrom Afif bunday zonalarni yoqtiruvchi futbolchi hisoblanadi.
Shuningdek, Urunovning yo’qligi ham bugungi o’yinimizga ta’sir qilmay qolmaydi. Albatta, jamoamizda ijrochilar yetarlicha va ular Ostonning o’rnini to’ldirishi mumkin, ammo Urunov Shomurodov bilan birgalikda tezligidan kelib chiqib, himoyachilarni tonusda ushlab turishda asqotadigan futbolchilarimizdan biri hisoblanardi.
Bundan tashqari, Oston muhim o’yinlarda va kombinatsiyalar o’xshamayotgan paytda katta sahnaga chiquvchi kam sonli futbolchilarimizdan. U bir o’zi bir necha uchrashuvlarni hal qilganini ko’rganmiz. Ostonning aynan shu jihatlari bugun yetishmasligi mumkin.
Nima bo’lgan taqdirda ham milliy jamoamizga omad tilaymiz, albatta.
Ha aytgancha Katanes bugungi bahsni online emas, stadiondan boshqaradi. Internet ishlash-ishlamasligining ahamiyati yo’q.
Azizbek Abdullayev