Madridning “Real” klubi UEFA Millatlar Ligasi doirasidagi o’yinlarda Ispaniya terma jamoasining ikki futbolchisini kuzatish uchun klub vakillarini yuboradi. Bu haqda Relevo xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, “Real” “Tottenhem”ning o’ng qanot himoyachisi Pedro Porro va “An-Nasr” markaziy himoyachisi Aymerik Lyaportni sotib olish imkoniyatlarini o’rganib chiqmoqda.
Qayd etilishicha, klub futbolchilarni kuzatuv natijalariga ko’ra qishki transferlar oynasida o’z safiga qo’shib olishi mumkin.
Eslatib o’tamiz, Madrid klubining braziliyalik markaziy himoyachisi Eder Militao hamda o’ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal xochsimon paylarini shikastlab olgani sabab uzoq muddatga safdan chiqqandi.
Ma’lumot uchun, UEFA Millatlar Ligasi doirasida Ispaniya terma jamoasi Daniya (15-noyabr) va Shvetsariya (18-noyabr) bilan to’qnash keladi.