Madridning “Real” klubi o’ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal Ispaniya La Ligasi 5-turidan o’rin olgan “Real Sosedad”ga qarshi bahsda zahirada qolishi mumkin. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, “Qirollik klubi” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Ispaniya terma jamoasi tarkibida Millatlar Ligasining har ikki o’yinida ham to’liq o’ynagani, shuningdek, “Real”ning barcha o’yinlarida qatnashgani uchun Karvaxalga dam bermoqchi.
Qayd etilishicha, Anchelotti Karvaxalni 17-sentyabr kuni bo’lib o’tadigan Chempionlar ligasi doirasidagi “Shtutgart”ga qarshi o’yinda maydonda ko’rishni istaydi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Karvaxal “Real” himoyachilarining jarohatlar sabab keyingi o’yinda markaziy himoyachi sifatida maydonga tushishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.