Bugun, 11-sentyabr kuni Qirg’iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov o’zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov bilan uchrashib, unga qirg’izistonlik Munarbek Seyitbek uuluning Parij Olimpiadasida kumush medalni qo’lga kiritishiga qo’shgan hissasi uchun minnatdorchilik belgisi sifatida “Tracker” avtomobilini sovg’a qildi.
“Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qo’llab-quvvatlab, hamjihatlik va do’stona munosabatlarni namoyon etishini butun dunyo ko’rdi. Sport tinchlik elchisi deb bejiz aytilmaydi. Siz o’zaro totuvlikni mustahkamlashga ulkan hissa qo’shdingiz. Birligimiz bardavom bo’lishini tilayman”, – deydi Sadir Japarov.
O’z o’rnida Akmal Hasanov ham samimiyat bilan minnatdorchilik bildirib, Munarbek Seyitbek uulu bilan yig’inlarda ko’p marta uchrashganini va hech ikkilanmay uning sekundanti bo’lishga rozilik berganini aytdi.