Italiyaning “Napoli” klubi hujumchi Viktor Osimhenni joriy mavsum oxirigacha “Galayasaroy”ga ijaraga berdi.
Biroq neapolliklar futbolchini qishki transferlar vaqtida boshqa jamoaga to’liq transfer qilish uchun uni qaytarib olish variantlarini ko’rib chiqmoqda. Bu haqda Football Transfers xabar berdi.
Manbaga ko’ra, 2025-yilning boshidan boshlab Osimhenning tovon puli 75 million yevroni tashkil qiladi, ayni damda esa bu ko’rsatkich 130 million yevroga teng.
Yozgi transferlar oynasida PSJ Osimhenni o’z safiga qo’shib olishga harakat qildi, biroq uning tovon puli yuqoriligi sabab parijliklar bu transferdan voz kechdi.
Ma’lumot uchun, Viktorning “Napoli” bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2026-yilning o’rtalariga qadar mo’ljallangan. Uning Transfermarkt’dagi narxi 100 million yevroga baholanmoqda.