O’zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 saralash bosqichi doirasida KXDRga qarshi maydonga tushdi va Masharipovning yagona goli evaziga g’alaba qozondi.
Uchrashuvdan so’ng tashkil etilgan matbuot anjumanida O’zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes ishtirok etib, o’yin borasida o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
“Bugun qiyin oʻtgan bahsda gʻalaba qozondik. Oʻz imkoniyatimizni toʻliq namoyish eta olmadik, lekin muhimi gʻalaba qozondik. Birinchi boʻlimda koʻproq gol kiritsak boʻlardi, sababi koʻp vaziyatlar yarata oldik. Penalti ham oʻz xatolarimiz ortidan yuzaga keldi.
Raqib bizdan koʻra koʻproq yigʻin oʻtkazgan holda bugungi oʻyinga yetib keldi. Shu sababli ular jismoniy tomondan yaxshi harakat qila olishdi, deb oʻylayman.
Muammo asosan jismoniy holatda boʻldi. Bizning asosiy maqsadimiz kerakli natijalarni qoʻlga kiritish va bugun buni uddaladik. Oldimizda Qirgʻiz Respublikasiga qarshi yana bir muhim oʻyin kutib turibdi. Guruhdagi boshqa raqiblar xususida gapirishga hali erta”, – deydi Katanes.