O’zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 saralash bosqichi doirasida KXDRga qarshi maydonga tushdi va Masharipovning yagona goli evaziga g’alaba qozondi.
O’yindan so’ng tashkil etilgan matbuot anjumanida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi va o’yin borasida o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
“Yaxshi o’ynadik deb ayta olmayman, lekin kerakli natijani qo’lga kiritdik. Uchinchi bosqich biz uchun oson bo’lmagan. Keyingi o’yinlarda muxlislarni yanada ko’proq xursand qilishga harakat qilamiz deb o’ylayman. Eng asosiysi g’alabaga erishdik.
Uchinchi bosqichda oson terma jamoalar bo’lmaydi. Bunday o’yinlarda ruhiy tayyorgarlik muhim ahamiyatga ega. Bo’shashish kerak emas. Keyin kech bo’ladi.
Murabbiy ham hech qaysi o’yin oson bo’lmasligini ta’kidlab kelmoqda. Bugungi o’yindan muxlislar biroz norozi bo’lishlari mumkin, lekin keyingi o’yinlarda barchasi chiroyli bo’lishiga harakat qilamiz”, – deydi Masharipov.