“Inter Mayami” klubi bosh murabbiyi Xerardo Martino Kopa Amerika finalida oyog’idan jarohat olgan Lionel Messining salomatligi haqida ma’lumot berdi.
“U bir necha haftadan beri tibbiy guruh va fizioterapevtlar nazorati ostida to’p bilan ishlamoqda. U asta-sekin jamoa bilan ishlashga integratsiyalashib bormoqda.
Bu olti haftadan ko’proq vaqtni oladigan jarohat, shuning uchun biz xotirjam bo’lishimiz va Messining sog’ayganiga to’liq ishonch hosil qilishimiz lozim”, – deydi Martino.
Eslatib o’tamiz, Messi 2023-yilning yozidan buyon “Inter Mayami” klubi safida to’p surmoqda. Shu vaqtga qadar u barcha turnirlarda 29 ta o’yinda maydonga tushib, 25 ta gol urdi va 16 ta golli uzatmani amalga oshirdi.