Kecha, 15-fevral kuni Angliya Kubogi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Londonning «Arsenal» klubi oʻz maydonida «Uigan Atletik»ni qabul qildi va yakunda yirik 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.
«Kanonirlar» bellashuvning dastlabki 30 daqiqasidayoq raqib darvozasini toʻrt bor ishgʻol etishga muvaffaq boʻldi. Opta Sports xabariga koʻra, «Arsenal» mazkur turnir tarixida uchrashuvning dastlabki yarim soatida toʻrtta gol urgan ilk APL jamoasiga aylandi.
Maʼlumot uchun, londonliklar hozirda Premyer-liga turnir jadvalida 57 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Jamoa oʻzining navbatdagi oʻyinini 18-fevral, chorshanba kuni APL doirasida «Velverxempton»ga qarshi oʻtkazadi.
