Ertaga, 10-iyun kuni O’zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 saralashining so’nggi turida Qatarga qarshi bahs olib boradi.
Uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etdi va ertangi o’yin borasida o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
“Barchani mundial yo’llanmasi bilan tabriklayman. Ertangi uchrashuvga to’liq tayyormiz va g’alaba qozonib, xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
Futbolda jarohatlar tez-tez uchrab turadi. Jamoada kayfiyat juda yaxshi. Tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda, yigitlar yaxshi holatda. Bugun rasmiy mashg’ulotimiz ham bo’lib o’tadi. Uchrashuv darajasini his qilib turibmiz. Futbolda doimo keyingi o’yinga e’tibor qaratishimiz zarur bo’ladi.
Osiyo chempionati va Jahon chempionati saralash bosqichida Qatarga qarshi uchrashuvlarda yigitlar yaxshi o’yin namoyish etdilar. Lekin omad biz tomon bo’lmadi. Guruhdagi har bir raqib bilan bahs doimo qiyin kechdi. Biz esa har jihatdan ulardan kuchli ekanimizga ishonamiz”, – deydi Kapadze.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston – Qatar o’rtasidagi bahs ertaga Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da “Bunyodkor” stadionida start oladi.