Super yengil vazn toifasida IBF kamari uchun sobiq da’vogar Shohjahon Ergashev iyul oyida yana ringga qaytadi. Bu haqda sportchining o’zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko’ra, Ergashev 3-iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida ringga ko’tariladi. Biroq raqib hozircha ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, 33 yoshli vakilimiz prof boksda 27 ta jang o’tkazib, 25 ta g’alaba va 2 ta mag’lubiyat qayd etgan. Ergashev o’zining so’nggi jangini joriy yilning fevral oyida ugandalik Junju Pauerga qarshi o’tkazgan va birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratgan.