Portugaliya terma jamoasi va Saudiyaning “An-Nassr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu vaqtincha jamoasini o’zgartirishi mumkin. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko’ra, Ronaldu 2025-yilgi klublar o’rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish uchun “An-Nassr”ni tark etish haqida o’ylamoqda. Uning saudiyaliklar bilan tuzgan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakuniga yetadi.
Qayd etilishicha, Ronaldu “Inter Mayami” bilan qisqa muddatli shartnoma imzolashi va argentinalik hujumchi Lionel Messi bilan birga klublar o’rtasidagi jahon chempionatida qatnashishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, 40 yoshli forvard qisqa muddatli shartnomasi tugaganidan so’ng yana “An-Nassr”ga qaytishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o’tamiz, 2025-yilgi klublar o’rtasidagi jahon chempionati 14-iyundan 13-iyulga qadar bo’lib o’tadi.