Yevropa futbol assotsiatsiyasi ittifoqi (UEFA) “Atletiko”ga qarshi Chempionlar Ligasi 1/8 final javob o’yinida noo’rin xatti-harakatlar sodir etgani uchun “Real”ning to’rt nafar futbolchisiga nisbatan tergov boshladi.
Tashkilot xabariga ko’ra, Antonio Ryudiger, Kilian Mbappe, Dani Seballos va Vinisius Junior jazoga tortilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, “Real” futbolchilari penaltilar seriyasida g’alaba qozonganidan so’ng “Metropolitano”da yig’ilgan muxlislarga qarata provokatsion ishoralar qilgan.
Agar futbolchilar aybdor deb topilsa, ularga nisbatan diskvalifikatsiya, jarima yoki intizomiy jazo qo’llanilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” Chempionlar Ligasi 1/4 finalida Londonning “Arsenal” klubiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 8-aprel kuni bo’lib o’tadi.