“Al-Ahli” jamoa hujumchisi Roberto Firminoni Saudiya Arabistoni Pro-ligasi tarkibidan chiqarib tashladi. Bu haqda Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko’ra, saudiyaliklar Venderson Galeno bilan shartnoma imzolagach, braziliyalik hujumchi milliy chempionatda o’ynash imkoniyatidan mahrum bo’lgan. Ammo Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etish uchun klubning arizasida qolgan.
Avvalroq jamoa bosh murabbiyi Mattias Jaissl rahbariyatga Firminoning klubda kelajagi yo’qligini ma’lum qilgandi. “Al-Ahli” qishki transferlar vaqtida forvardni sotmoqchi ham bo’ldi. E’tiborlisi, Firmino so’nggi o’yinda dubl qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Roberto Firmino 2023-yilning yozida buyon “Al-Ahli” safida o’ynab kelmoqda. Uning saudiyaliklar bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2026-yilning yozida yakuniga yetadi.