UEFA Tartib-intizom qoʻmitasi «Tottenhem»ni Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 8-turidan oʻrin olgan «Ayntraxt»ga qarshi bahsda muxlislarning kamsituvchi xatti-harakatlari uchun 30 ming yevro miqdorida jarimaga tortishga qaror qildi.
Eslatib oʻtamiz, 28-yanvar kuni boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuv «Tottenhem»ning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan edi.
BBC nashrining xabariga koʻra, oʻyin davomida londonliklarning uch nafar muxlisi natsistcha salomlashish harakatlarini namoyish etgan. Pul jarimasidan tashqari, klubga UEFA shafeligidagi keyingi safar oʻyini uchun oʻz muxlislariga chiptalar sotishga shartli taqiq qoʻyildi. Ushbu taqiq uchun qaror qabul qilingan kundan boshlab bir yillik sinov muddati belgilandi.
Shuningdek, «Tottenhem» maydonga turli buyumlar uloqtirilgani uchun qoʻshimcha 2,25 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi.
