«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Kazemiro faoliyatini AQSh yoki Braziliyada davom ettirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, braziliyalik futbolchiga «Inter Mayami» va «San-Paulu» jamoalari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Kazemiro professional faoliyatini aynan «San-Paulu» safida boshlagan. Braziliya klubi futbolchiga ikki yillik shartnoma va faoliyatini yakunlaganidan soʻng klub tizimida ishlash imkoniyatini taklif qilmoqda.
Shu bilan birga, «Inter Mayami» ham Kazemiro uchun asosiy daʼvogarlardan biri boʻlib turibdi. Maʼlumotlarga qaraganda, futbolchi allaqachon Floridaga tashrif buyurgan va Lionel Messining jamoadoshiga aylanishi mumkin.
Maʼlumot uchun, Kazemiro joriy mavsum barcha turnirlarda 25 ta oʻyinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning «Manchester Yunayted» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga yetadi.
