Ispaniya La Ligasi 24-turidan oʻrin olgan bahsda «Barselona» safarda «Jirona» mehmoni boʻldi va yakunda 2:1 hisobida magʻlubiyatga uchradi.
Uchrashuv kutilmagan voqealarga boy oʻtdi. Dastlab Yamal birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda penaltidan foydalana olmadi. U tepgan toʻp ustunga tegib qaytdi.
Ikkinchi boʻlimda esa hisob ochildi: Pau Kubarsi 59-daqiqada kataloniyaliklarni oldinga olib chiqdi. Ammo oradan koʻp oʻtmay, 62-daqiqada Toma Lemar javob golini urib, muvozanatni tikladi. 87-daqiqada esa Fran Beltran mezbonlarga gʻalaba taqdim etgan gol muallifiga aylandi.
Uchrashuvning soʻnggi soniyalarida esa janjal yuzaga keldi. 90+9-daqiqada toʻp bilan harakatlanib ketayotgan Lamin Yamal Aksel Vitsel va Xoel Roka tomonidan qoʻpollik bilan toʻxtatildi. Natijada Roka qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Ushbu vaziyat futbolchilar oʻrtasida mushtlashuv kelib chiqishiga sabab boʻldi.
Shu tariqa, «Barselona» ushbu natijadan soʻng 58 ochko bilan ikkinchi oʻrinda qoldi. «Jirona» esa 29 ochko bilan 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
