Oʻrta vazn toifasida amaldagi UFC chempioni, magʻlubiyat nimaligini bilmay kelayotgan 31 yoshli Hamzat Chimayev yuqori divizionga koʻtarilishga qaror qildi. Bu haqda taniqli jurnalist Kevin oʻzining X (sobiq Twitter) sahifasida maʼlum qildi.
Manbaga koʻra, Chimayev 11-aprel kuni Mayami mezbonlik qiladigan UFC 327 turnirining markaziy jangida Irji Proxazka bilan toʻqnash keladi. Mazkur qarama-qarshilikda yarim ogʻir vazn toifasining vakant (bo‘sh qolgan) chempionlik kamari oʻrtaga tikiladi.
Qayd etilishicha, xabarlar tarqalishidan biroz avval Chimayev ijtimoiy tarmoqda shunchaki «205» (yarim ogʻir vazn limiti) raqamini qoldirdi. Bu esa uning rasman 93 kg vaznga oʻtayotganiga ishora sifatida qabul qilinmoqda.
Hozircha ushbu vaznning amaldagi chempioni Aleks Pereyraning kelajagi borasida rasmiy maʼlumotlar mavjud emas. Avvalroq tarqalgan xabarlarga koʻra, Pereyra ogʻir vazn toifasiga oʻtib, Oq uyda Jon Jons bilan jang oʻtkazishi mumkinligi taxmin qilinayotgan edi.
