O’rta vazn toifasida o’zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro’ziboyev 16-avgust kuni AQSh’ning Chikago shahrida tashkil etiladigan UFC 319 turniri doirasida oktagonga ko’tariladi.
O’sha kuni hamyurtimizga amerikalik Brayan Battle (7-1-1 NC) raqiblik qiladi. 30 yoshli Battle UFC’da 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. U so’nggi jangini 2024-yil 7-dekabrda Rendi Braunga qarshi o’tkazib, hakamlarning yakdil qarori bilan g’alaba qozongan.
Nursulton Ro’ziboyev esa professional faoliyati davomida 47 ta jang o’tkazib, 36 ta g’alaba, 9 ta mag’lubiyat va 2 ta durang qayd etgan. Brayan Battlega qarshi jang Ro’ziboyev uchun UFC’dagi oltinchisi bo’ladi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq OAV’da hamyurtimiz UFC 319 turnirida polshalik Mixail Olekseychukka qarshi oktagonga ko’tarilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo bu ma’lumotlar rasman tasdiqdan o’tmadi.
